Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tizimining pandemiya davridagi jihozlanganligi to‘g‘risida ma'lumot.

Toshkent shahri aholisining iltimosiga ko‘ra, Jamoatchilik kengashi shahar sog‘liqni saqlash tizimining pandemiya davridagi jihozlanganligi to‘g‘risida so‘rov yo‘llagandi.
Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasidan javob keldi, u bilan yurtdoshlarimizni tanishtiramiz.

2020 yil 1 avgust holatiga Toshkent shahri bo‘yicha, koronavirus bilan kasallangan aholiga yuksak malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonalarda 5292 ta joy mavjud, 179 ta tez yordam mashinalariga 162 ta mobil brigada biriktirilgan. Tibbiyot muassasalarida 1 659 ta O‘SV apparati, 2 633 ta SINAP apparati, 3 185 ta kislorod konsentrati, 485 ta portativ rentgen apparati, shuningdek, diagnostika maqsadlarida, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tasarrufida 6 ta yuksak texnologik komp'yuter tomograflari mavjud.

16 avgust holatiga ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida 875 nafar shifokor, 1202 nafar o‘rta tibbiyot personali ishlamoqda. O‘n kunlik muddatda bemorlarni tibbiyot muassasalarida davolash uchun qo‘shimcha ravishda 46 nafar shifokor va 75 nafar hamshira Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi, oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'limda mavjud kadrlar, shuningdek pensioner-shifokorlar qo‘shimcha ravishda jalb qilindi. 2020 yil oxiriga qadar 165 shifokor va 320 nafar o‘rta tibbiyot xodimidan iborat zaxira shakllantiriladi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 4 ta tibbiyot muassasasida 14 ta PSR laboratoriyasi tashkil etildi. Bu apparatlar yordamida kuniga o‘rtacha 4 900 nafar kishi tekshiruvdan o‘tmoqda.
Pandemiya davrida dori vositalarining narxlarini asossiz ko‘tarilishining oldini olish maqsadida, viloyatlarda 1 523 ta dorixona (1 224 ta ulgurji va chakana dorixona, 229 ta ijtimoiy, 13 ta ko‘chma dorixona, 47 ta ulgurji ombor va 10 ta ishlab chiqarish korxonasi) 49 turdagi dori vositasi va zaruriy materiallar bilan ta'minlangan.

Dorixonalarda 3 oyga 1 370 turdagi dori vositalari va tibbiyot buyumlarining zaxirasi yaratilgan (umumiy qiymati 15 mlrd. so‘m). Ulardan 49 turdagi dori vositasi (umumiy qiymati 3,2 mlrd. so‘m) bevosita koronavirusning oldini olish va davolashga mo‘ljallangan 60 kunlik zaxira tayyorlab qo‘yilgan.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash tizimining pandemiya davridagi jihozlanganligi to‘g‘risida  ma'lumot.