“Do‘stlik” bog‘idagi daraxtlarni innovatsion texnologiyalar yordamida qanday himoya qildilar

Bugun, 3-sentyabr kuni “Do‘stlik” bog‘idagi daraxtlarni himoya qilish bo‘yicha tadbir o‘zining mantiqiy va amaliy davomiga ega bo‘ldi. Toshkent shahri aholisiga bu hudud Bobur bog‘i nomi bilan ma'lum.

Avvalroq, 21-avgust kuni olimlar, o‘simliklarni parvarishlash va himoya qilish bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, Ekologiya va atrof muxitni himoya qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi inspektoridan iborat ekspert guruhi shahar markazidagi bir nechta hududni tekshirdilar va yashil ekinlar holatining qoniqarsiz ekanligini aniqladilar.

Joriy yilning 22-avgustida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tashabbusi bilan “Do‘stlik” bog‘ida daraxtlarni sug‘orish ishlari tashkil etildi. Sug‘orish ishlari bir necha kun davom etdi. Mazkur xarakatlar natijasida daraxtlar ko‘kardi tetiklashdi.

3-sentyabrga kelib, barcha jamoatchilik tashabbuslarining davomi amalga oshdi. Davlat ekologiya qo‘mitasi, qo‘mita xuzuridagi Jamoatchilik kengashi va “Ekomaktav” NNT xodimlari sa'y-harakatlari bilan dron yordamida daraxtlarga ishlov berish o‘tkazildi

Davekoqo‘m xodimlari va jamoatchilikdan iborat tashabbus guruhiga yordamga Toshkent Davlat agrar universitetining “O‘simliklar himoyasi” kafedrasi jamoasi tashrif buyurdi.

Qayd etish o‘rinliki, bu baland o‘sgan daraxtlarga ishlov berish bo‘yicha innovatsion texnologiyaning aprobatsiyasi edi. Dron yordamida daraxtlar ustidan yuqori haroratga chidamli trixogramma changitildi.

Trixogramma – bu nima? Bu o‘simliklarni biologik himoyalash uslubi bo‘lib, zararkunandalarga qarshi ularning tabiiy dushmanlaridan foydalanishni ko‘zda tutadi. Hech qanday kimyo yo‘q, hammasi ekologik toza. Trixogrammalar – o‘simlik uchun xavfsiz, 0,4–0,9 mm. uzunlikdagi mayda hashorotlar. Trixogramma urg‘ochisi zararkunandalar tuxumlarini topadi, ularni teshadi va u yerga o‘z tuxumlarini joylaydi. Dala sharoitida trixogrammalar hayot davomiyligi – 2–5 kun. Joyidan ko‘chirilgan trixogramma qisman tabiiy sharoitlarda ko‘paytiriladi, shu sababli bir marta trixogramma sepilishi 10 kun atrofida ta'sir qiladi. Bu muddat biz tarqatgan trixogrammalar barcha zararkunandalarni tor-mor qilishlari va ularni “qo‘rqitib” qo‘yishlari uchun yetarli, deb umid qilamiz.

Muvaffaqiyatli o‘tkazilgan tadbirlar yakuni bo‘yicha Davekoqo‘m raisi Shavkat Abdurazzoqovning Toshkent Davlat agrar universiteti o‘simliklar himoyasi kafedrasining yosh olimlari bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Yosh ekspertlar guruhi mamlakatimizda daraxtlar parvarishi va himoyasi bo‘yicha hamkorlik yuzasidan loyiha taqdim etdilar. Poytaxtning boshqa yashil hududlarida ham xuddi shunday daraxtlarni parvarishlash tadbirlarini tashkil etish va bu tajribani O‘zbekistonning barcha viloyatlariga keng yoyishga kelishib olindi.

Umid qilamizki, shahar obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish xizmatlari bu foydali tashabbusga qo‘shiladi o‘z ishchi rejalariga kiritadi.

Yashil hududlarning lesopatologik tadqiqoti bo‘yicha tashabbus, daraxtlarimizning o‘ziga xos inventarizatsiyasi sifatida, Davekoqo‘mning avvalgi rahbariyati tomonidan taklif etilgandi va uni Ekologiya qo‘mitasi qoshidagi Jamoatchilik kengashi ilgari surdi. Uni amaliyotda ro‘yobga chiqarish imkoniyati esa, USAID, “Yuksalish” umummilliy harakati va “ARGO” fuqarolik jamiyatini rivojlantirish assotsiatsiyasi ko‘magidagi “INNOVATSIYALAR UCHUN SHERIKLIK – P41” sinov jamoatchilik kengashlari faoliyatining samarali modelini ishlab chiqish va tatbiq etish dasturi doirasida yuzaga keldi.

Albatta, tanqid qiluvchi doim topiladi... Ammo bugunning o‘zida ikkita ijobiy jihat ko‘zga tashlanadi: Toshkent sh. hokimligi va Davekoqo‘m qoshidagi ikkita jamoatchilik kengashi o‘z sa'y-harakatlari va salohiyatlarini birlashtirdi. Biz hozircha bitta, shaharliklar uchun juda sevimli bog‘dagi daraxtlarga real yordam berdik, bu esa boshlanishi! Axir kuchimiz – birlikda, odamlar va atrof-muhit manfaati uchun birlashishda.

Natalya Shivaldova.

Davekoqo‘m qoshidagi JK raisi o‘rinbosari;

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi eksperti

“Ekomaktav” NNT direktori.

“Do‘stlik” bog‘idagi daraxtlarni innovatsion texnologiyalar yordamida qanday himoya qildilar